22-modda. Murojaatlarni berish muddatlari
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxslarining murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini oʻz vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni taʼminlash zaruratiga bogʻliq boʻlsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.
Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.
Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni koʻrib chiquvchi davlat organi, tashkilot yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tiklanadi.
