21-modda. Murojaatlarni berish tartibi
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni oʻz vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Murojaatga u boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi boʻyicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.
Murojaat pochta aloqa vositasi orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi. Konvertda murojaat mavjud boʻlmasa yoki u shikastlangan boʻlsa, shuningdek murojaatda koʻrsatilgan ilovalar mavjud boʻlmasa, dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaat etuvchiga konvertda koʻrsatilgan manzil boʻyicha yuboriladi.
