6-modda. Kengashning asosiy vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sudyalik lavozimlariga nomzodlarni eng malakali va masʼuliyatli mutaxassislar orasidan tanlov asosida tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga koʻrsatish uchun tavsiya etish orqali sudyalar korpusini shakllantirish;
sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini biron-bir tarzda aralashuvdan samarali himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
sudyalar orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
sud tizimida aniqlangan har bir korrupsiya holatini koʻrib chiqish va prinsipial baholash;
Kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
sudyalarni kasbiy jihatdan tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalar faoliyati samaradorligini zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash;
rahbar sudyalik lavozimlariga koʻrsatish uchun munosib sudya kadrlarni tanlab olish, shuningdek ularni ragʻbatlantirish va mukofotlash masalasi yuzasidan tashabbus koʻrsatish;
ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, aholi bilan muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqish;
sud-huquq sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini taʼminlash, odil sudlovga erishish darajasini hamda uni amalga oshirish sifatini yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi, shuningdek ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun xulosa berish haqidagi masalani koʻrib chiqish.
