5-modda. Kengashning tarkibi va uni shakllantirish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Kengash rais, rais oʻrinbosari, uning aʼzolari va kotibidan — jami yigirma bir nafar kishidan iborat tarkibda sudyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantiriladi.
Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Kengash raisi, rais oʻrinbosari etib saylanishi mumkin emas.
Kengashning oʻn bir nafar aʼzosi sudyalar orasidan saylanadi. Kengashning ushbu aʼzolaridan bir nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlarining sudyalari orasidan saylanadi.
Kengashning kotibi va yetti nafar aʼzosi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan saylanadi.
Kengashning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va sudyalar orasidan saylangan oʻn bir nafar aʼzosi oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi, Kengashning qolgan yetti nafar aʼzosi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Kengashning sudyalar orasidan saylangan va oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi oʻn bir nafar aʼzosi Kengash tomonidan uning raisi taqdimiga binoan Kengashning shuʼbasi hamda Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tarkibiga, shu jumladan mazkur tuzilmalarning rahbarlari lavozimlariga saylanadi.
