“1661-modda. Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-421-son) · Sana: 29.03.2017 · Amalda
Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, zarurat boʻlgan hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ham ishtirok etadi.
Sud majlisining oʻtkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, soʻngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
