1482-modda. Sud ajrimi
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-421-son) · Sana: 29.03.2017 · Amalda
Sudya murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi prokurorga ijro uchun, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa maʼlumot uchun yuboriladi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Apellatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay koʻrib chiqishi kerak.
Apellatsiya shikoyati yoki protesti berilishi sudning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib turadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va murdani eksgumatsiya qilishga ruxsat berishga yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etishga haqli.
Murdani eksgumatsiya qilish rad etilgan taqdirda, aynan oʻsha murdaga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga murdani eksgumatsiya qilishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi”;
9) 166-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yuborgan yoxud boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf joʻnatmalarida sodir etilgan jinoyatga doir maʼlumotlar yoki ish uchun ahamiyatga molik hujjatlar, buyumlar bor deb gumon qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud boʻlganda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi mazkur shaxslarning barcha pochta-telegraf joʻnatmalarini yoki ularning ayrimlarini xatlash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida mazkur tergov harakatini oʻtkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
