2-modda. Bozordagi ustunlik mavqeini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik
Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida (623-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
1. Ustun mavqe deganda xoʻjalik yurituvchi subyektning muayyan tovar bozoridagi ulushi monopoliyaga qarshi faoliyatini amalga oshirishga vakolatli idora belgilab qoʻygan eng yuqori meʼyor chegarasidan oshib ketgan va bu hol unga mustaqil ravishda yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda ish koʻrib, tovarlarning oldi-sotdisiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlarning bozorga kirishini qiyinlashtirib qoʻyish va shu tariqa isteʼmolchilar va jamiyatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazish imkonini beradigan hukmron mavqei tushuniladi.
2. Bozorda ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni quyidagi xatti-harakatlarni qilishi taqiqlanadi:
bozorda taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida tovarlarni ishlab chiqarishni kamaytirish yoxud toʻxtatib qoʻyish, shuningdek ularni muomaladan olib qoʻyish;
moʻmay foyda olish maqsadida haddan tashqari baland narx belgilash va uni sunʼiy ravishda shunday ushlab turish, narxlarni asossiz ravishda pasaytirish davlat tomonidan boshqarib turiladigan narx-navoni boshqa yoʻsindagi buzishlar;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularni boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan noteng ahvolga solib qoʻyadigan shartlarni tiqishtirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishiga oʻzgacha toʻsqinlik qilish.
