3-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida qonunga xilof bitimlar tuzilishini (kelishib qilinadigan harakatlarni) taqiqlash
Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida (623-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida:
kimoshdi savdolarida, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirish, saqlab turish yoki pasaytirish;
bozorlarni hududiy prinsip boʻyicha, oldi-sotdi hajmi boʻyicha, sotilajak tovarlarning turlari boʻyicha, sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) doirasi boʻyicha yoxud ularni monopoliya qilib olish maqsadida boshqa belgilar boʻyicha taqsimlab olish;
sotuvchi yoki xaridor (buyurtmachi) sifatida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklash yoki ularni bozordan siqib chiqarish;
muayyan sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) bilan shartnomalar tuzishdan bosh tortish maqsadida til biriktirish;
raqobatni jiddiy tarzda cheklaydigan yoki cheklashi mumkin boʻlgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlar tuzish (kelishib harakat qilish) taqiqlanadi hamda haqiqiy emas deb topiladi.
2. Biri ustun mavqega ega boʻlgan, ikkinchisi esa mahsulot yetkazib beruvchi yoki isteʼmolchi (buyurtmachi) boʻlgan va bir-biri bilan raqobatlashmayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida tuzilgan bitimlar (kelishib harakat qilishlar), basharti bunday bitimlar pirovardida raqobatni jiddiy tarzda cheklab qoʻysa, yoxud cheklab qoʻyishi mumkin boʻlsa, bunday bitimlar (kelishib harakat qilishlar) haqiqiy emas deb topiladi.
3. Alohida hollardagina xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida aytib oʻtilgan xatti-harakatlari, basharti bu subyektlar oʻz xatti-harakatlari bozorning tovarlar bilan moʻl-koʻl boʻlishiga, tovarlarning isteʼmol xususiyatlari yaxshilanishiga yoki tashqi bozorda oʻzlarining raqobat layoqatlarining oshishiga yordam berishini isbotlab bersalar, toʻgʻri deb topilishi mumkin.
