“327-modda. Parlament tekshiruvi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-411-son) · Sana: 23.09.2016 · Amalda
Jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlarni yoki voqealarni oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma qarori bilan parlament tekshiruvi oʻtkazilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi va Senat parlament tekshiruvini oʻtkazish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan komissiya tuzadi.
Komissiya parlament tekshiruvini oʻtkazishda quyidagilarga haqli:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakillarini, mutaxassislar, ekspertlar va olimlarni komissiya ishiga jalb etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, boshqa tashkilotlardan, shuningdek fuqarolardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, shuningdek fuqarolarni tushuntirishlar berish uchun taklif etish.
Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qaroriga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Komissiya bajarilgan ish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan belgilangan muddatda ularni xabardor qiladi.
