8-modda. Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
mehnatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi, kelishib oladi hamda tasdiqlaydi;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi, shu jumladan noqulay va alohida mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi yuzasidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradi;
mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi oʻtkazilishini taʼminlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining yagona reyestrini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yuritadi;
mehnatni muhofaza qilishning holati monitoringini oʻtkazadi;
ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarning sabablarini tahlil qiladi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga bunday jarohatlanishlarning oldini olish boʻyicha takliflar kiritadi;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning maxsus tekshiruvi oʻtkazilishini va hisobga olinishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
