9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
xodimlarning dastlabki tarzda (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻriklarini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
ishlab chiqarish muhiti omillarining zararliligi va xavfliligi, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligi koʻrsatkichlari boʻyicha sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiyena normativlarini belgilaydi;
mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlarga beriladigan sutni (shunga teng boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini), davolash-profilaktika oziq-ovqatini, gazlangan tuzli suvni (issiq sexlarda ishlovchilar uchun) berish normativlarini belgilaydi;
xodimni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsirini istisno etadigan ishga oʻtkazish uchun tibbiy va boshqa koʻrsatkichlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
xodim kasb kasalligiga chalingan deb gumon qilinganda uning mehnat sharoitlarining sanitariya-gigiyena tavsifini tuzishga doir talablarni belgilaydi;
kasb kasalliklarini aniqlash va xodimlarning kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganligi darajasini aniqlash uchun yoʻllanma berish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
