21-modda. Oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitni muhofaza qilish
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitga taʼsir koʻrsatadigan faoliyati oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishga oid talablarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish, yangi texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish, foydali qazilmalarni qazib olish, chorva mollar oʻtlatiladigan hamda qishloq xoʻjalik hayvonlari haydab oʻtiladigan joylarni belgilash tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishib olinishi lozim.
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishga oid talablarga javob bermaydigan ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish hamda texnologiyalarni qoʻllash taqiqlanadi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, ularning oʻsish stimulyatorlarini, mineral oʻgʻitlarni va boshqa preparatlarni qoʻllash chogʻida oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitni muhofaza qilishga doir talablar hisobga olinishi kerak. Oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhit yomonlashishining oldini olish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar mazkur preparatlarni tashish, saqlash va qoʻllash qoidalariga rioya etishi shart.
Oʻsimliklarni ular oʻsadigan muhitda oʻzboshimchalik bilan yoʻq qilib yuborish, shu jumladan yoqib yuborish taqiqlanadi.
