18-modda. Botanika bogʻlari
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Oʻsimlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning turlarini sunʼiy yaratilgan sharoitlarda oʻrganish, iqlimga moslash va takror koʻpaytirish, ilmiy, oʻquv hamda taʼlim ishlarini olib borish, oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha bilimlarni targʻib qilish maqsadida botanika bogʻlari tashkil etilishi mumkin.
Botanika bogʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarori bilan tashkil etiladigan umumdavlat ahamiyatiga molik botanika bogʻlari va mahalliy ahamiyatga molik botanika bogʻlariga boʻlinadi.
Botanika bogʻlari hududida ushbu bogʻlarni tashkil etish maqsadlariga muvofiq boʻlmagan va oʻsimlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi faoliyat taqiqlanadi.
