16-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlarini davlat hisobiga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish,oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Oʻsimlik dunyosining muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini taʼminlash uchun oʻsimlik dunyosi obyektlarini davlat hisobiga olish hamda ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish amalga oshiriladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat hisobini va ulardan foydalanish hajmlarining hisobini yurituvchi vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri boʻyicha zarur axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga tekin taqdim etadi. Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri boʻyicha zarur axborotning turlari, hajmlari va uni taqdim etish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oʻsimlik dunyosining muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yuritadi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat hisobini va ulardan foydalanish hajmlarining hisobini, oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat hisobini va ulardan foydalanish hajmlarining hisobini, oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
