9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
jismoniy tarbiyadan sogʻliqni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash vositasi sifatida foydalanadi;
mamlakatda sport tibbiyotini oʻrganish va rivojlantirish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
aholining jismoniy jihatdan kamol topishi holati tahlilini oʻtkazadi va tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgan shaxslarning tibbiy monitoringini tashkil etadi;
sportchilarning sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishini tibbiy jihatdan taʼminlashda ishtirok etadi;
sport tibbiyoti sohasidagi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
sportchilar va boshqa mutaxassislar sport jarohatlarini olganda ularga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi, shuningdek ularni jismoniy reabilitatsiya qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazadi;
aholining jinsi va yoshi toifasiga qarab, jismoniy mashqlar dasturini shakllantirishga doir uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
sogʻlomlashtirish markazlarini, davolash-jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
