8-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosi ustidan monitoring va nazoratni, shuningdek jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi tahlilini amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek sport normativlarini ishlab chiqishni amalga oshiradi hamda ularni tasdiqlaydi;
sport markazlarini va dopingga qarshi markazlarni, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim muassasalarini hamda ilmiy tashkilotlarni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritadi va ularning faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi;
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifini, shuningdek u toʻgʻrisidagi nizomni, sport turlarini va sport turlarining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularning reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritadi, uni yuritish tartibini belgilaydi;
xalqaro va respublika miqyosidagi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantiradi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishi va oʻtkazilishini taʼminlaydi;
sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalarini berish tartibini tasdiqlaydi;
trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
qabul qilib olishda va sport musobaqalari oʻtkazilishidan oldin jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish yoki sport inshootlarining belgilangan standartlarga muvofiqligini tekshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkiblarini va ularning yaqin zaxirasini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini jamlaydi, ularning tayyorgarlik koʻrishini hamda xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlaydi;
