9-modda. Ishonchli boshqarish shartnomasi
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Ishonchli boshqaruvchi va investitsiya fondi oʻrtasida yoxud ishonchli boshqaruvchi va pay fondining investorlari oʻrtasida tuziladigan, ishonchli boshqarish chogʻidagi cheklovlarni, haq toʻlash va xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibini, shartnomaning amal qilishini tugatish asoslari va shartlarini, taraflarning javobgarligini hamda qonunchilikka muvofiq boshqa qoidalarni nazarda tutadigan shartnoma ishonchli boshqarish shartnomasidir.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi qoʻshilish shartnomasidir.
Ishonchli boshqaruv ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, ishonchli boshqaruvchining rahbari tomonidan ushbu shartnoma:
aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga asosan investitsiya fondining kuzatuv kengashi raisi bilan;
shartnomani imzolash va unga qoʻshilish orqali pay fondining investorlari bilan tuziladi.
Investitsiya fondi tomonidan bir vaqtning oʻzida bir nechta ishonchli boshqaruvchi bilan ishonchli boshqarish shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ishonchli boshqarish shartnomasida uning ajralmas qismi boʻlgan va investitsiya aktivlarining tarkibiga nisbatan talablar qoʻyadigan investitsiya deklaratsiyasi boʻlishi kerak.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar investitsiya paylarining egalari oʻzlariga tegishli barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarishni talab qilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati investitsiya paylari egalari umumiy yigʻilishining qarori bilan bir yilga uzaytirilishi mumkin.
