10-modda. Investitsiya deklaratsiyasi
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Investitsiya deklaratsiyasida quyidagilar boʻlishi kerak:
investitsiya fondini yoki pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadi;
investitsiya fondining yoki pay fondining pul mablagʻlari va boshqa mablagʻlari investitsiya qilinadigan investitsiya aktivlarining roʻyxati;
investitsiya tavakkalchiliklarining tavsifi;
ishonchli boshqaruvchi saqlab turishi shart boʻlgan investitsiya aktivlarining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (har xil turdagi qimmatli qogʻozlar va emitentlar oʻrtasidagi, shuningdek qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari va boshqa investitsiya aktivlari oʻrtasidagi nisbat);
investitsiya deklaratsiyasining investitsiya fondi yoki pay fondi va ishonchli boshqaruvchi tomonidan rioya etilishi shart boʻlgan qoidalarining amal qilish muddati;
pay fondining investitsiya paylari egalari umumiy yigʻilishining vakolatlari toʻgʻrisidagi qoidalar, investitsiya payi har bir egasining huquq va majburiyatlari, shuningdek pay fondini ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari.
Investitsiya fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar investitsiya fondi aksiyadorlari umumiy yigʻilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Pay fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar pay fondi investorlarining (investitsiya paylari egalarining) qarori bilan tasdiqlanadi.
Investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga ushbu deklaratsiya tasdiqlangan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida taqdim etiladi.
