11-modda. Investitsiya fondini tashkil etish
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Investitsiya fondi yangi yuridik shaxsni taʼsis etish yoki boshqa investitsiya fondini qayta tashkil etish yoʻli bilan tashkil etiladi. Investitsiya fondini investitsiya fondi boʻlmagan boshqa yuridik shaxsni qayta tashkil etish orqali tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Investitsiya fondi tijorat tashkiloti boʻlib, u oʻzining alohida hisobga olinadigan mol-mulkiga, shu jumladan ustav kapitaliga berilgan mol-mulkka ega boʻladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar investitsiya fondining muassislari (aksiyadorlari) sifatida ish yuritishi mumkin.
Investitsiya fondini davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya fondini tashkil etishda uning aksiyalari qiymatini toʻlash pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, ulushlar, shuningdek koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk, mulkiy huquqlar bilan amalga oshiriladi. Bunda uning ustav kapitalining kamida 75 foizi pul shaklida toʻlanishi kerak.
Investitsiya fondining aksiyalarini joylashtirish fond birjasida amalga oshiriladi, bundan ushbu fond muassislari oʻrtasida yopiq obuna boʻyicha joylashtiriladigan aksiyalarning dastlabki chiqarilishi mustasno.
