8-modda. Ishonchli boshqaruvchi
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Ishonchli boshqaruvchi deganda ushbu Qonunda investitsiya fondlarini va (yoki) pay fondlarini ishonchli boshqarish shartnomasi asosida ishonchli boshqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs tushuniladi.
Ishonchli boshqaruvchi qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisidir.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzi boshqaradigan investitsiya aktivlari oʻrtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida oʻz kapitaliga (ustav kapitaliga qoʻyilgan nomoddiy aktivlarni chegirib tashlagan holda) ega boʻlishi kerak.
Investitsiya fondini va (yoki) pay fondini boshqaruvga qabul qilgan ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada bu fondlarga (fondga) nisbatan mulkdorning huquqlarini amalga oshiradi.
Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari qonunchilikda, investitsiya fondining ustavida, ishonchli boshqarish shartnomasida hamda investitsiya fondining ijroiya organi toʻgʻrisidagi nizomida belgilanadi.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzining ustavida belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishi shart.
Ishonchli boshqaruvchi oʻz boshqaruvida boʻlgan investitsiya fondlarining aksiyalarini va pay fondlarining investitsiya paylarini olishga haqli emas.
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan taqdirda, ishonchli boshqaruvchi investitsiya fondi aksiyalarining va pay fondi investitsiya paylarining egalari oldida yetkazilgan haqiqiy zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Xizmatlar koʻrsatganlik uchun ishonchli boshqaruvchiga investitsiya fondining va (yoki) pay fondining mablagʻlari hisobidan ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq haq toʻlanadi. Haqning umumiy miqdori va uni toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari ushbu shartnomada belgilanadi.
