“611-modda. Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-391-son) · Sana: 20.08.2015 · Amalda
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisiga mazkur xizmatchining oʻz vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, —
eng kam ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti xizmatchisining oʻz vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi, —
eng kam ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega boʻlmagan shaxs tushuniladi”;
5) 164-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini koʻp miqdordagi qiymatda buzish, –
fuqarolarga eng kam ish haqining oʻn baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ancha miqdor deganda eng kam ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha boʻlgan doiradagi, koʻp miqdor deganda esa, eng kam ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha boʻlgan doiradagi miqdor tushuniladi”;
