3-modda. Jamiyat va shirkatning taʼsis hujjatlari, ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Taʼsis shartnomasi va ustav xoʻjalik jamiyatlarining taʼsis hujjatlari hisoblanadi. Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat taʼsis shartnomasi va ustav asosida ish yuritadi. Toʻliq va kommandit shirkatlar taʼsis shartnomasi asosida tuziladi va ish yuritadi.
2. Taʼsis shartnomasida:
taʼsis etilayotgan jamiyat va shirkat turi, ularning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddati;
qatnashchilar (muassislar) tarkibi;
taʼsis etilayotgan jamiyat va shirkatning firma nomi hamda uning joylashgan eri (pochta manzili);
ustav fondining miqdori va uni hosil qilish tartibi;
daromadlarni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
qonunlarga zid kelmaydigan boshqa shartlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻladi.
3. Jamiyat ustavda:
firma nomi va joylashgan eri (pochta manzili);
faoliyat sohasi, maqsadlari va muddati;
ustav fondining miqdori;
har bir qatnashchiga tegishli ulush miqdori;
ular qoʻshadigan hissaning miqdori, tarkibi, qoʻshish muddatlari va tartibi;
ustav fondini oshirish yoki kamaytirish tartibi;
chiqarilayotgan aksiyalarining turiga, nominal qiymati, har xil turdagi aksiyalarning oʻzaro nisbati;
daromadlarni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
zaxira fondlarni va oʻzga fondlarni hosil qilish tartibi;
ulushlarning egalarini oʻzgartirish tartibi;
jamiyat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari;
jamiyatni boshqarish tuzilmasi, ijrochi va nazorat idoralari aʼzolarining soni, ularni saylash tartibi, ularning huquq va majburiyatlari;
qatnashchilar yigʻilishining vakolatlari;
yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;
jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat faoliyatining xususiyatiga koʻra zarur boʻlgan oʻzga maʼlumotlar aks ettirilishi kerak.
4. Jamiyat va shirkat Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatiga olingan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
6. Davlat korxonalarini qayta tuzish natijasida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlarini, ularning emissiyalariga doir maʼlumotnomalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, shuningdek aksiyalarini chiqarish va joylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
