4-modda. Jamiyat va shirkatning mulki
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Shirkat va jamiyat:
muassislar va qatnashchilar tomonidan uning egaligiga berilgan mol-mulkning;
xoʻjalik faoliyati natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotning;
olingan daromadlarning;
qonunlarda taqiqlanmagan asoslarga koʻra sotib olingan oʻzga mol-mulkning egasi hisoblanadi.
Davlatning mol-mulki asosida tuzilgan xoʻjalik jamiyati, shirkati tegishli orderni vakolatli organdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olgan daqiqadan eʼtiboran mulkdor huquqiga ega boʻladi.
2. Jamiyat va shirkat amaldagi qonunlarga muvofiq tarzda qimmatli qogʻozlar chiqarish va ulardan daromad olishga haqlidir.
3. Jamiyat va shirkat qatnashchisining qoʻshadigan hissasi binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, oʻzga moddiy boyliklardan, qimmatli qogʻozlardan, er, suv va oʻzga tabiiy boyliklardan, binolar, inshootlar va asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan, shuningdek oʻzga mulkiy va mulkka oid boʻlmagan huquqlardan, pul mablagʻlaridan iborat boʻlishi mumkin. Qoʻshilayotgan mol-mulkning qiymati jamiyat qatnashchilarining birgalikdagi qarori bilan belgilanadi.
Qayta tuzilayotgan davlat korxonasi (tashkiloti)ning mol-mulkini baholash qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Pul koʻrinishida baholangan, ustav fondiga qoʻshilgan hissa qatnashchining ustav fondidagi ulushini tashkil etadi.
5. Qatnashchi mol-mulkini jamiyatga faqat foydalanish uchun oʻtkazgan hollarda qatnashchi hissasining miqdori hamda mos ravishda uning ulushi, basharti taʼsis hujjatlarida oʻzga hol qayd etilmagan boʻlsa, jamiyat va shirkatning taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan butun faoliyat muddati uchun yoki qatnashchilar tomonidan belgilangan oʻzga muddat uchun ana shu mol-mulkdan foydalanganlik evaziga ijara haqi eʼtiborga olingan holda hisoblab chiqiladi.
