2-modda. Jamiyat va shirkat qatnashchilarining tarkibi va vakolatlari
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Boshlangʻich ustav fondi shakllantiradigan qatnashchilar jamiyatning va shirkatning muassislari hisoblanadilar.
Jamiyat qatnashchisi boʻlgan korxonalar (tashkilotlar) yuridik shaxs maqomini saqlab qoladi.
Davlat hokimiyati idoralarining jamiyatlar va shirkatlar faoliyatida ishtirok etishi man qilinadi.
Davlat boshqaruvi idoralari qonunlarda berib qoʻyilgan vakolatlar doirasida davlat mulkini idora etish boʻyicha jamiyat va shirkat qatnashchisi boʻlishi mumkin.
Jamiyatlarda va shirkatlarda ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar qatnashishining oʻziga xos jihatlari amaldagi qonunlarga binoan belgilanadi.
2. Jamiyat va shirkat qatnashchilari:
taʼsis hujjatlarida belgilanadigan tartibda jamiyat va shirkat ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
jamiyat va shirkat faoliyatidan tushadigan oʻzlariga tegishli foydani (dividendni) pul bilan ifodalangan holda ham, natural holda ham olish. Davlat boshqaruv idorasi boʻlmish jamiyat va shirkat qatnashchisiga tegishli foydaning (dividendning) bir qismi u tomonidan oʻzining ijtimoiy taraqqiyotiga hamda ushbu jamiyatni boshqarish bilan bogʻliq maqsadlarga ishlatilishi mumkin;
taʼsis hujjatlarida belgilanadigan tartibda jamiyat va shirkat faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan voqif boʻlish, shu jumladan buxgalterlik hisob-kitobi va hisoboti hamda oʻzga hujjatlar bilan tanishib chiqish;
belgilangan tartibda jamiyat va shirkat tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
Jamiyat va shirkat qatnashchilari shu jamiyat va shirkat ishlab chiqarayotgan (koʻrsatayotgan) mahsulotni (xizmatni) olishda ustun huquqga, qonunlarda va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga huquqlarga egadirlar.
3. Jamiyat va shirkat qatnashchilari:
jamiyat va shirkat taʼsis hujjatlarining qoidalariga rioya etishlari, jamiyat va shirkatning umumiy yigʻilishi va boshqa boshqaruv idoralari qarorlarini bajarishlari;
taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdor va usullarda ulush qoʻshishlari (aksiyalar haqini toʻlashlari);
tijorat siridan iborat boʻlmish jamiyat va shirkat faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilmasliklari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ado etishlari shart.
Shirkat (jamiyat) qatnashchilari jamiyat ishlab chiqaradigan mahsulotni olishda (xizmatlardan foydalanishda) ustun huquqqa ega boʻlishlari mumkin, ular zimmasida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
