1-modda. Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Xoʻjalik yoki tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida yuridik shaxslarning, yuridik shaxslar bilan jismoniy shaxslarning hamda jismoniy shaxslarning oʻrtasida oʻz hissalarini va mol-mulkini birlashtirish asosida oʻzaro ixtiyoriy kelishuviga muvofiq tuziladigan korxonalar xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari hisoblanadi.
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlariga quyidagilar kiradi:
aksiyali jamiyatlar;
masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar;
toʻliq va kommandit xoʻjalik shirkatlari.
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari korxonalarning xoʻjalik assotsiatsiyasiga: ittifoq, konsern, konsorsium, korporatsiya va boshqa uyushmalarga birlashishga haqlidir.
2. Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari yuridik shaxs hisoblanib, ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari va taʼsis hujjatlari asosida ish olib boradi.
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining muassislari taʼsis hujjatlarida faoliyatlarining asosiy turlarinigina sanab oʻtishga haqlidirlar. Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari qonun hujjatlarida man etilmagan hamda taʼsis hujjatlarida koʻrsatilmagan istalgan faoliyat turi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shugʻullanishlari mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jamiyatlar va shirkatlar tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solinadi.
3. Aksiyadorlik jamiyatlarini tuzish, tashkil etish va ularning faoliyat tartibi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
