11-modda
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar har bir kishi oʻzi va oilasi uchun yetarlicha oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy hamda turmush sharoiti toʻxtovsiz yaxshilanib borishini oʻz ichiga oladigan yetarli turmush darajasi boʻlish huquqini eʼtirof etadi. Mazkur ishtirokchi-davlatlar ushbu huqukdar amalga oshirilishini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradi, ayni paytda erkin kelishuvga asoslangan xalqaro hamkorlikning bu boradagi muhim ahamiyatini eʼtirof etadi.
2. Mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlar har bir kishining ochlikdan holi boʻlishdek asosiy huquqini tan olgan holda, quyidagi vazifalarni amalga oshirish uchun aniq dasturlarni oʻtkazishni qamrab oladigan zarur choralarni koʻrishlari kerak:
a) texnik va ilmiy bilimlardan keng koʻlamda foydalanish, ovqatlanish tamoyillari toʻgʻrisidagi bilimlarni yoyish, tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish va oʻzlashtirish uchun agrar tizimni takomilashtirish yoki isloh qilish yoʻli bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, saqlash va taqsimlash uslublarini yaxshilash; va
b) ehtiyojga muvofiq va oziq-ovqat mahsulotlarini import yoki eksport qiluvchi mamlakatlarning muammolarini hisobga olgan holda jahondagi oziq-ovqat zahiralarining adolatli taqsimlanishini taʼminlash.
