17-modda
Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida · Sana: 18.12.1979 · Amalda
1. Mazkur Konvensiyaning amalga oshirilishini koʻrib chiqish uchun xotin-qizlarning kamsitilishini bartaraf etish Qoʻmitasi taʼsis etilib (bundan buyon Qoʻmita deb ataladi), Konvensiya kuchga kirgungacha oʻn sakkiz, ratifikatsiya qilingandan yoki unga oʻttiz beshinchi ishtirokchi-davlat qoʻshilganidan soʻng esa, mazkur Konvensiya sohasini mukammal biladigan yuqori ahloqiy sifatlarga va yetuk maʼlumotlarga ega boʻlgan yigirma uchta ekspertdan iborat boʻladi. Bu ekspertlar ishtirokchi-davlatlar tomonidan oʻz fuqarolari ichidan saylanadilar va hususiy shaxs sifatida ish yuritadilar, bunda oʻrinlar taqsimotida adolat bilan geografik hudud va har xil shakldagi sivilizatsiya, shuningdek asosiy huquqiy tizimlar vakillari hisobga olinadi.
2. Qoʻmita aʼzolari ishtirokchi-davlatlar tomonidan roʻyxatga kiritilgan shaxslar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Har bir ishtirokchi-davlat oʻzining fuqarolaridan bitta vakilning nomzodini berishi mumkin.
3. Mazkur Konvensiyaning kuchga kirgan kunidan boshlab olti oydan soʻng birlamchi saylovlar oʻtkaziladi. Har bir saylovni oʻtkazilishidan kamida uch oy oldin Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ishtirokchi-davlatlarga ikki oy mobaynida oʻz vakillarini koʻrsatish boʻyicha takliflarini yuborishni xat orqali soʻraydi. Bosh kotib barcha ishtirokchi-davlatlar tomonidan ushbu tarzda koʻrsatilgan shaxslarning roʻyxatini alifbo tartibida tayyorlab, ishtirokchi-davlatlarga taqdim etadi.
4. Qoʻmita aʼzolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi tomonidan chaqiriladigan va BMT Markaziy muassasalarida oʻtkaziladigan ishtirokchi davlatlar yigʻilishida saylanadilar. Bu yigʻilishda majlisni haqiqiy deb hisoblash uchun ishtirokchi davlatlarning soni uchdan ikki qismni tashkil etishi lozim. Qatnashadigan va ovoz berishda ishtirok etadigan ishtirokchi-davlat vakillarining eng koʻp va mutlaq koʻp ovozni olgan nomzodlar Qoʻmitaga saylangan shaxslar deb hisoblanadilar.
5. Qoʻmita aʼzolari toʻrt yil muddatga saylanadilar. Biroq birinchi saylovda saylangan toʻqqiz aʼzoning vakolat muddati ikki yil oʻtishi bilan tugaydi; birinchi saylovlar oʻtkazilgandan keyinoq bu toʻqqiz aʼzoning familiyasi Qoʻmita raisi tomonidan qurʼa tashlash orqali tanlanadi.
6. Qoʻmitaning besh nafar qoʻshimcha aʼzosi shu moddaning 2, 3 va 4-bandlariga muvofiq Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan soʻng yoki unga oʻttiz beshinchi davlat qoʻshilgandan keyin saylanadi. Shu tarzda saylangan ikki qoʻshimcha aʼzoning vakolat muddati ikki yil oʻtishi bilan tugaydi, bu ikki qoʻshimcha aʼzoning familiyasi Qoʻmita raisi tomonidan qurʼa tashlash orqali tanlanadi.
