14- modda
Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida · Sana: 18.12.1979 · Amalda
1. Ishtirokchi-davlatlar qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlar duch keladigan alohida muammolarni va ularning oʻz oilalari iqtisodiy farovonligini taʼminlashda muhim rol oʻynashini, shuningdek, ularning tovarsiz xoʻjalik tarmoqlaridagi faoliyatini eʼtiborga olgan holda qishloq joylarda yashovchi ayollarga nisbatan mazkur Konvensiya qoidalarining qoʻllanilishini taʼminlash borasida barcha tegishli choralarni koʻradilar.
2. Ishtirokchi-davlatlar qishloq joylarda xotin-qizlar kamsitilishiga barham berish, erkak va xotin-qizlarning tengligi asosida ularning qishloq hududlarini rivojlantirishdagi ishtirokini taʼminlash va bunday rivojlanishdan naf koʻrish uchun barcha tegishli choralarni koʻradilar, jumladan, bunday xotin-qizlarga quyidagi huquqlarni taʼminlaydilar:
a) barcha darajalarda rivojlanish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
b) oilani rejalashtirish masalalari boʻyicha axborotlar, maslahatlar va xizmatlarni qoʻshgan holda tegishli tibbiy xizmat koʻrsatilishiga erishish;
c) ijtimoiy sugʻurga dasturlari qulayliklaridan bevosita foydalanish;
d) jumladan, xotin-qizlarning texnikaviy bilim saviyasini oshirish maqsadida funksional savodxonlikni hisobga olgan holda barcha turdagi rasmiy va norasmiy taʼlim va tayyorgarlik olish, shuningdek, barcha turdagi jamoa xizmatlaridan, qishloq xoʻjalik masalalari boʻyicha maslahat berish xizmatidan foydalanish;
e) mustaqil mehnat faoliyati yoki ishga yollash orqali teng iqtisodiy imkoniyatlarni taʼminlash uchun shirkatlar va oʻz-oʻziga yordam koʻrsatish guruhlarini tashkil etish;
f) jamoa faoliyatining barcha turlarida ishtirok etish;
g) qishloq xoʻjalik kreditlari va zayomlariga, sotish tizimiga, tegishli texnologiyalarga, yer va agrar islohotlarda, shuningdek yerlarni qayta joylashtirish rejalarida teng maqomga erishish;
h) tegishli turmush sharoitlaridan, ayniqsa, uy-joy sharoitlaridan, sanitariya xizmatidan, elektr va suv taʼminotidan, shuningdek, transport va aloqa vositalaridan foydalanish.
