11-modda
Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida · Sana: 18.12.1979 · Amalda
1. Xotin-qizlarning ish bilan band boʻlish sohasidagi huquqlari kamsitilishini bartaraf etish, ayni vaqtda erkaklar bilan ayollarning teng huquqlarini taʼminlash maqsadida ishtirokchi-davlatlar barcha tegishli choralarni, jumladan, quyidagi huquqlarni taʼminlash choralarini koʻradilar:
a) barcha insonlarning ajralmas huquqi sifatida mehnat qilish huquqi;
b) ishga yollashda bir xil imkoniyatlarga ega boʻlish, shu bilan birga ishga yollashda bir xil tanlash mezonlarini qoʻllash huquqi;
c) kasb yoki ish turini erkin tanlash, lavozim boʻyicha koʻtarilish va ish bilan band etish kafolatiga ega boʻlish, shuningdek, shogirdlik, yuqori darajadagi kasb boʻyicha tayyorgarlik va muntazam suratda malaka oshirishni oʻz ichiga olgan holda mehnat qilishning barcha imtiyozlari va shart-sharoitlaridan toʻliq foydalanish, kasb boʻyicha tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan oʻtish huquqi;
d) imtiyozlar olishni ham hisobga olgan holda teng mukofotlanish, bir xil qimmatga ega boʻlgan mehnatga nisbatan teng sharoitlarga, shuningdek, ish sifatini baholashga teng yondashish huquqi;
e) jumladan, nafaqaga chiqish, ishsiz qolish, kasallik, nogironlik, qarilik va mehnat qobiliyatini yoʻqotishdan iborat boshqa holatlarda ijtimoiy taʼminot huquqi shuningdek, haq toʻlanadigan taʼtil huquqi;
f) sogʻliqni saqlash va xavfsiz mehnat sharoitlarga ega boʻlish, shuningdek, naslni davom ettirish vazifasini saqlab qolish huquqi.
2. Ayollarning turmushga chiqmaganligi yoki onaligi sababli kamsitilishining oldini olish va ularga mehnat qilishning samarali huquqlarini kafolatlash maqsadida, ishtirokchi-davlatlar quyidagilarni amalga oshirish uchun tegishli choralarni koʻradilar:
a) homiladorlik sababli ishdan boʻshatishni yoki homiladorlik va tugʻruq boʻyicha taʼtilga chiqarishni yoxud oilaviy ahvol tufayli kamsitishni sanksiyalar qoʻllanish tahdidi ostida man qilish;
b) oxirgi ish joyini, lavozimini yoki ijtimoiy nafaqalarini yoʻqotmagan holda homiladorlik va tugʻruq boʻyicha haqi toʻlanadigan taʼtillar yoki taqqoslama ijgimoiy nafaqalar, toʻlanadigan taʼtillar joriy etish;
c) ota-onalar oilaviy burchlarining bajarilishini mehnat faoliyati va jamoat hayotdagi ishtiroki bilan birga qoʻshib olib borish imkonini yaratish uchun, jumladan, bolalarni tarbiya qilish muassasalari tarmogʻini kengaytirish yoʻli bilan qoʻshimcha zarur ijtimoiy xizmat koʻrsatishni ragʻbatlantirish;
