10-modda
Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida · Sana: 18.12.1979 · Amalda
Ishtirokchi-davlatlar xotin-qizlarning kamsitilishini bartaraf etish, ayollarning erkaklar va ayollar tengligi asosida taʼlim olish sohasida erkaklar bilan teng huquqlarini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradilar. Jumladan, quyidagilarni taʼminlaydilar:
a) shahar tumanlari singari qishloq joylarida ham barcha toifadagi oʻquv yurtlarida bilimdan bahramand boʻlish va diplom olish, kasb-kor yoki mutaxassislikni tanlashda bir xil sharoitlarni yaratish, bunday tenglik maktabgacha tarbiya, umumtaʼlim, oʻrta maxsus va oliy texnik maʼlumot olishda, shuningdek, kasbga tayyorlashning barcha turlarida taʼminlanadi;
b) bir xil oʻquv dasturlariga, bir xil imtihonlarga, bir xil malakali oʻqituvchilar tarkibiga, teng sifatli maktab xonalari va jihozlariga ega boʻlish;
c) barcha taʼlim olish bosqichlari va shakllarida erkak va xotin-qizlar rolining birgalikda va boshqa xildagi taʼlim olish yoʻli orqali har qanday bir qolipdagi konsenpsiyasini bartaraf etish va shu asosda, jumladan, oʻquv qoʻllanmalari va maktab dasturlarini qayta koʻrib chiqish hamda oʻqitish uslublarini moslashtirish yoʻli bilan shu maqsadga erishish;
d) taʼlim uchun stipendiya va boshqa nafaqalar olish imkoniyatlarining bir xilligi;
e) erkaklar va ayollar bilimdagi har qanday uzilishni mumkin qadar tezlik bilan qisqartirishga yoʻnaltirilgan funksional savodxonlik dasturi va katta yoshdagilar orasidagi savodxonlikni ommalashgirish dasturlarini nazarda tutib, taʼlim olishni davom ettirish dasturidan foydalanish imkoniyatlarining bir xilligi;
f) maktabni tugatmayotgan qizlar sonini kamaytirish va maktabni barvaqt tark etgan ayollar va qizlar uchun alohida dasturlarni ishlab chiqish;
g) jismoniy tayyorgarlik va sport mashgʻulotlarida faol qatnashish uchun bir xil imkoniyatlar yaratish;
h) oilalar sogʻligi va farovonligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida taʼlim sohasiga bagʻishlangan maxsus axborotlarga, shu jumladan oilaning katta-kichikligini rejalashtirish toʻgʻrisidagi axborot va yoʻl-yoʻriq maʼlumotlariga ega boʻlish.
