54-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Bila turib yolgʻon maʼlumotlarni qasddan tarqatish, taraflarning majburiyatlari bir shaxs hisobidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab bajariladigan qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar tuzish, shuningdek qimmatli qogʻozning narxi xususida chalgʻitish maqsadida boshqa harakat sodir etish va bularning natijasida qimmatli qogʻozlar narxining, ularga boʻlgan talabning, taklifning yoki qimmatli qogʻozlar savdosi hajmining bunday harakatlarsiz shakllanadigan darajadan oʻzgarishi yoki bunday harakatlarsiz shakllanadigan darajadan farq qiladigan darajada ushlab turilishi qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish jumlasiga kiradi.
Market-meyker tomonidan muayyan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan narxlar, talab va taklif darajasini ushlab turish uchun qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar tuzish qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish hisoblanmaydi.
Qimmatli qogʻozlarning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar inobatga olinmagan holda shakllanishi mumkin boʻlgan narxi, ularga boʻlgan talab, taklif yoki ularning savdosi hajmiga nisbatan qimmatli qogʻozlar narxining, ularga boʻlgan talab, taklifning yoki qimmatli qogʻozlar savdosi hajmining jiddiy ravishda oʻzgarishi mezonlari qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisi tomonidan qimmatli qogʻozlarning turi, likvidliligi va (yoki) bozor qiymatiga qarab belgilanadi.
Qimmatli qogʻozlarni olish yoki realizatsiya qilish uchun oshkor qilinmagan (tarqatilmagan) va oshkor qilinishi (tarqatilishi) qimmatli qogʻozlar qiymatining oʻzgarishiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlganligi tufayli qimmatli qogʻozlar bozorining bir ishtirokchisiga boshqasiga nisbatan ustunlik berishi mumkin boʻlgan axborotdan foydalanish qimmatli qogʻozlar bozorida insayder axborotdan foydalanish jumlasiga kiradi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish alomatlari qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan aniqlanadi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish fakti, shuningdek mazkur gʻayrihuquqiy harakatlarga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortish chorasi sud tomonidan belgilanadi.
