53-modda. Qimmatli qogʻozlar bozoridagi cheklovlar
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorida quyidagilar taqiqlanadi:
emitentga yoki qimmatli qogʻozlarga taalluqli axborotni oshkor qilmasdan qimmatli qogʻozlar emissiyasini amalga oshirish;
chiqarilishi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan yoxud toʻxtatib qoʻyilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va ularning muomalasi;
qimmatli qogʻozlar egasining oʻz depo hisobvaragʻida boʻlgan qimmatli qogʻozlarning qiymati toʻliq toʻlanguniga qadar ularga doir bitimlar tuzishi, bundan nettingdan foydalanish mustasno;
hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish;
emitentning ustav fondi shakllantirilguniga qadar (tijorat banklarining ustav fondini shakllantirish hollari bundan mustasno), shuningdek emitentning ustav fondini toʻldirish yoki emitentning moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash uchun korporativ obligatsiyalar chiqarish;
obligatsiyalarning chiqarilishi roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qarorning shu qaror bilan belgilangan obligatsiyalarga doir huquqlar hajmiga taalluqli qismiga emitent tomonidan oʻzgartishlar kiritish;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining majburiyatlari boʻyicha mijozning qimmatli qogʻozlari va pul mablagʻlarini undirish;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni ommaviy joylashtirishda va (yoki) ularning muomalasida bir investorga boshqasiga nisbatan afzallik belgilash, quyidagi hollar bundan mustasno:
a) davlat qimmatli qogʻozlarini emissiya qilish;
b) aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlariga oʻzlariga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda qimmatli qogʻozlarni olishda belgilangan tartibda imtiyozli huquq berish;
v) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan qimmatli qogʻozlarni olishga qonunchilikda va (yoki) emitent ustavida cheklovlar mavjud boʻlishi.
Korporativ va infratuzilma obligatsiyalari ularning egalariga emitentni boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi.
Yuridik yoki jismoniy shaxs yoxud oʻzaro kelishuv bilan bogʻlangan yoki bir-birining mol-mulkini nazorat qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir necha bitim natijasida bank aksiyalarining 5 foizidan ortigʻini olish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xabardor qilinishini, 20 foizidan ortigʻini olish esa, oldindan uning roziligini olishni talab qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oldindan roziligini olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
