41-modda. Deponentning huquq va majburiyatlari
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Deponent quyidagi huquqlarga ega:
oʻz depo hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlarni qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda tasarruf etish;
investitsiya vositachisiga va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni bajarish yuzasidan topshiriqlar berish (uchinchi shaxslar oldida majburiyatlar yuklatilgan qimmatli qogʻozlarni qimmatli qogʻozlarga majburiyatlar yuklatish tugallanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan oʻtkazishga doir farmoyish bundan mustasno), soʻrovlar kiritish, topshiriqlar bajarilganligi toʻgʻrisida hisobot talab qilish;
hujjatsiz va harakatsizlantirilgan hujjatli qimmatli qogʻozlarga boʻlgan mulk huquqini hamda boshqa ashyoviy huquqlarni hisobga olishni investitsiya vositachisiga va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga topshirish;
shartnoma shartlariga muvofiq oʻz depo hisobvaragʻining holati haqida koʻchirma va oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha oʻtkazilgan operatsiyalar toʻgʻrisida hisobot olish.
Deponent qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Deponent:
oʻz vakolatli shaxsining vakolatlari tugatilganligi yoki oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida investitsiya vositachisini va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini xabardor qilishi;
oʻz rekvizitlaridagi barcha oʻzgarishlar haqida investitsiya vositachisiga va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga xabar berishi;
investitsiya vositachisi va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi yozma xabarlarining toʻgʻriligi va toʻliqligini tekshirishi hamda aniqlangan noaniqliklar haqida ularga oʻz vaqtida xabar berishi shart.
Deponentning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
