26-modda. Investitsiya vositachisining faoliyati
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Mijozning topshirigʻiga binoan, mijoz nomidan va uning hisobidan qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi investitsiya vositachisidir.
Investitsiya vositachisi mijozlarining qimmatli qogʻozlari va pul mablagʻlari, agar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, investitsiya vositachisining oʻz hisobvaraqlaridan alohida hisobvaraqlarda turishi kerak.
Investitsiya vositachisi har bir mijozning qimmatli qogʻozlari va pul mablagʻlari hisobini yuritishi, qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar va operatsiyalarni mijoz bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshirishi, tuzilgan bitimlar va amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisida unga hisobot berishi shart.
Investitsiya vositachisi mijozlarning qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotishga buyurtma berish, oʻtkazish borasidagi topshiriqlarini vijdonan hamda ularning kelib tushishi tartibida bajarishi kerak. Mijozlarning topshirigʻiga binoan amalga oshiriladigan bitimlar investitsiya vositachisining oʻz dilerlik operatsiyalariga nisbatan ustun ravishda bajarilishi kerak.
Agar investitsiya vositachisi tomonidan tegishli topshiriq olinguniga qadar investitsiya vositachisi va uning mijozi oʻrtasidagi mijoz xabardor qilinmagan manfaatlar toʻqnashuvi mijozga zarar yetkazilishiga olib kelsa, investitsiya vositachisi zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashi shart.
Investitsiya vositachisi tomonidan investitsiya vositachisi sifatidagi faoliyatni toʻxtatib turish, tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan yoki u tugatilgan taqdirda, tegishli axborot qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran ikki ish kuni ichida ommaviy axborot vositalarida va fond birjasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Investitsiya vositachisi sifatida oʻz faoliyatini toʻxtatib turayotgan, tugatayotgan yoki tugatilayotgan investitsiya vositachisida hisobi yuritilayotgan qimmatli qogʻozlar mijozning qaroriga koʻra bir haftalik muddatda boshqa investitsiya vositachisiga oʻtkaziladi, bunday qaror mavjud boʻlmagan taqdirda esa, qimmatli qogʻozlarning egasi tanlagan investitsiya vositachisiga qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan muddatlarda keyinchalik oʻtkazish uchun Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga (faoliyatni toʻxtatib turish hollari bundan mustasno) oʻtkaziladi.
