27-modda. Investitsiya vositachisining depozitar operatsiyalarni amalga oshirish chogʻidagi faoliyati
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Investitsiya vositachisi depozitar operatsiyalarni amalga oshirayotganda:
manfaatdor shaxslarning qimmatli qogʻozlarni va pul mablagʻlarini hisobga olish qoidalari bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi;
deponentlarning har biriga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni va nominal qiymati hisobini yuritishi;
qimmatli qogʻozlarga majburiyatlar yuklatilganligi, shuningdek ularning tugatilganligi faktlari hisobini yuritishi;
qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar tuzish va mijozlarning hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar bajarish uchun asos boʻlgan birlamchi hujjatlarni idoraviy arxivda saqlashi;
depo hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni deponentlarning yoki ular vakil qilgan shaxslarning yozma topshiriqlari asosida amalga oshirishi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
deponentning qimmatli qogʻozlarga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarini uning depo hisobvaragʻidan tegishli koʻchirma bergan holda tasdiqlashi;
mijozlarning hisobvaraqlaridagi qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlarining mavjudligi va harakati, ularning holati toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligini taʼminlashi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining, monopoliyaga qarshi davlat organining, shuningdek sudning, surishtiruv va tergov organlarining qarorlari asosida qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turishi;
oʻz faoliyatiga taalluqli maʼlumotlarni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining, davlat soliq xizmati organining, monopoliyaga qarshi davlat organining, shuningdek sudning, surishtiruv va tergov organlarining yozma talablariga koʻra qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda taqdim etishi;
oʻzi yetkazgan zararning oʻrnini ushbu Qonunning 23-moddasiga muvofiq kafolat fondini shakllantirishda ishtirok etish, shuningdek qonunchilikka muvofiq javobgarlikni sugʻurta qilish yoʻli bilan qoplash imkoniyatini nazarda tutishi;
qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrini shakllantirish uchun zarur boʻlgan qimmatli qogʻozlarning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining talabiga koʻra taqdim etishi;
