24-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi, ushbu Qonunning 28, 29 va 31-moddalarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat quyidagilar sifatida amalga oshiriladi:
investitsiya vositachisi;
investitsiya maslahatchisi;
investitsiya fondi;
investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi;
qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi.
Litsenziya talabgoriga uning arizasiga binoan qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni yoki mazkur faoliyat turining bir qismini amalga oshirish uchun litsenziya berilishi mumkin. Litsenziya talabgori boʻlgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berilganligi uchun davlat boji va litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim toʻlashdan ozod qilinadi. Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni birga qoʻshib olib borish uchun belgilangan cheklovlar hisobga olingan holda beriladi.
Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikati boʻlgan kamida ikki xodimga ega yuridik shaxslargina (bundan investitsiya fondi mustasno) qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari boʻlishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Chet el tashkiloti tomonidan qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat yangi yuridik shaxsni — qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisini tashkil etish yoxud faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxsning — qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ustav kapitalida ishtirok etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
