16-modda. Qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarni tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlarning uyushgan savdosida qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarni tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish ularni yozma ravishda (qogʻozda) rasmiylashtirish zaruratisiz elektron shaklda amalga oshiriladi. Qimmatli qogʻozlarga doir boshqa bitimlar yozma shaklda tuziladi va qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Uyushgan bozorlarda oldi-sotdi bitimlari tuzilganda ular yuzasidan hisob-kitob qilish muddatlari qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil qilish qoidalari bilan, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari bilan belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Fond birjasida emissiyaviy qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar tuzilganda sotuvchi (bundan emitent mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga bitim summasining 0,01 foizi miqdorida yigʻim toʻlaydi. Bunda sotuvchining, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining tuzilgan bitim boʻyicha daromadlariga yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinmaydi.
Qimmatli qogʻozlarga doir narxlarning, talab va taklifning darajasini saqlab turish uchun birja bitimlari tuzilganda market-meyker birjaga, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yigʻimlar va boshqa toʻlovlar toʻlashdan ozod qilinadi.
