17-modda. Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Emitentlar qimmatli qogʻozlarni mustaqil ravishda, shuningdek banklar va investitsiya vositachilari orqali joylashtirish huquqiga ega.
Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish quyidagi turlarda amalga oshirilishi mumkin:
qimmatli qogʻozlarni xususiy joylashtirish (oldindan maʼlum boʻlgan, soni cheklangan investorlar orasida ommaviy eʼlon bermagan va reklama kampaniyasi oʻtkazmagan holda yopiq obuna qilish);
qimmatli qogʻozlarni ommaviy joylashtirish (soni cheklanmagan investorlar orasida reklama kampaniyasini oʻtkazgan holda ochiq obuna qilish).
Ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilgan hollarning har biri uchun qimmatli qogʻozlar chiqarilishining eng kam yoki eng koʻp hajmi qonunchilikda belgilanishi mumkin.
Aksiyalarning ochiq obunasi qimmatli qogʻozlarning uyushgan savdosidagina oʻtkaziladi.
Banklar va investitsiya vositachilari emitentlar tomonidan chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishining joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olib yoki olmagan holda emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni emitent nomidan sotish toʻgʻrisida emitentlar bilan shartnomalar tuzishi mumkin.
Joylashtirilayotgan qimmatli qogʻozlarning soni emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar sonidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Emitent emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning haqiqatda joylashtirilgan sonini ularning chiqarilishi yakunlari toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatadi. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi yakunlari toʻgʻrisidagi bildirishnomani taqdim etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Emitent chiqarilayotgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirishni ularni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan muddatda tugallashi shart, bu muddat qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.
Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni ommaviy joylashtirish emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi axborot belgilangan tartibda oshkor qilinganidan keyin kamida ikki hafta oʻtgach amalga oshiriladi.
Emitent, shuningdek u bilan shartnomaga koʻra emissiyaviy qimmatli qogʻozlar joylashtirilishini amalga oshiruvchi banklar va investitsiya vositachilari mazkur qimmatli qogʻozlar olinguniga qadar investorga qimmatli qogʻozlar emissiya risolasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish shartlari bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi shart.
