9-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Hech kim qonunda belgilanganidan boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas.
2. Hibsga olingan har bir kishiga hibsga olish chogʻida uning hibsga olinishi sabablari aytiladi va darhol unga qoʻyilgan har qanday ayblov maʼlum qilinadi.
3. Jinoiy ayblov boʻyicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun boʻyicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi boʻlgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi oʻtkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega. Sud muhokamasini kutayotgan shaxslarning qamoqda saqlanishi umumiy qoida boʻlmasligi kerak, biroq ozod qilish sudga kelish kafolatlari berilishiga, sud muhokamasiga uning har qanday bosqichiga kelishga va, zarur hollarda, hukm ijro etilishi uchun kelishga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.
4. Hibsga olinishi yoki qamoqda saqlab turilishi tufayli ozodlikdan mahrum etilgan har bir shaxs oʻz ishining sudda koʻrib chiqilishi huquqiga ega, toki sud uning ushlab turilishi qanchalik qonuniy ekanligi borasida darhol qaror chiqara olsin va agar uni ushlab turish noqonuniy boʻlsa ozod qilish haqida farmoyish bera olsin.
5. Noqonuniy ravishda hibsga olingan yoki qamoqda saqlab turilgan har bir kishi daʼvo kuchiga ega boʻlgan tovon talab qilish huquqiga egadir.
