41-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Ushbu moddaga muvofiq ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlat istalgan vaqtda Qoʻmitaning biror-bir ishtirokchi davlat boshqa ishtirokchi davlat ushbu Pakt boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmayapti, degan maʼlumotini qabul qilishi va koʻrib chikishi yuzasidan vakolatini tan olishini bayon etishi mumkin. Mazkur moddada nazarda tutilgan maʼlumot, agar Qoʻmita vakolatini oʻzi tan olgani haqida bayonot bergan ishtirokchi davlat tomonidan taqdim etilgan boʻlsagina qabul qilinishi va koʻrib chiqilishi mumkin. Qoʻmita shunday bayonot bermagan davlatga tegishli hech bir maʼlumotni qabul qilmaydi. Ushbu moddaga muvofiq qabul qilingan maʼlumot quyidagi tartib-taomilga binoan koʻrib chiqiladi:
a) agar ushbu Paktda ishtirok etuvchi biror-bir davlat boshqa ishtirokchi davlat ushbu Pakt qarorlarini hayotga tatbiq etmayapti deb topsa, oʻsha davlat bu masalani qayd etilgan ishtirokchi davlat eʼtiboriga yozma tarzda yetkazishi mumkin. Oʻsha xabarni olgan davlat shunday xabarni yuborgan davlatga uch oy ichida yozma izoh yoki boshqa har qanday bayonot berib mazkur masalani tushuntirib oʻtadi. Ayni paytda ushbu izoh yoki bayonotda imkon qadar va maqsadga muvofiqligiga koʻra shu masala borasida qabul qilingan, qabul qilinadigan yoki qabul qilinishi mumkin boʻlgan ichki tartib-taomillar va tadbirlar koʻrsatiladi;
b) agar dastlabki maʼlumotni maʼlum bir davlat olganidan keyin olti oy mobaynida masala manfaatdor ishtirokchi davlatlarni qoniqtiradigan darajada hal etilmagan boʻlsa, oʻsha davlatlardan har biri masalani Qoʻmitaga taqdim etish huquqiga ega boʻlib, bu toʻgʻrida Qoʻmitani va boshqa davlatni xabardor qiladi;
c) Qoʻmita ayni holda xalqaro huquqning umum zʼtirof etilgan prinsiplariga koʻra imkoniyatdagi barcha ichki vositalar sinab koʻrilgan va tugagan deb ishonch hosil qilganidan keyingina oʻziga taqdim etilgan masalani koʻrib chiqadi. Agar shu vositalarning qoʻllanishi asossiz holda choʻzilib ketadigan boʻlsa bu qoidaga amal qilinmaydi;
d) Ushbu moddada nazarda tutilgan maʼlumot koʻrib chiqilayotganida Qoʻmita yopiq majlis oʻtkazadi;
e) Qoʻmita “s” kichik bandining qarorlariga rioya qilgan holda ushbu Paktda eʼtirof etilgan inson huquqlarini va asosiy erkinliklarini hurmat kilish asosida masalalarni doʻstona hal etish maqsadida manfaatdor ishtirokchi davlatlarga oʻz xolis xizmatini koʻrsatadi;
f) Qoʻmita koʻrib chiqishi uchun oʻziga taqdim etilgan har qanday masala yuzasidan “b” kichik bandida koʻrsatilgan manfaatdor ishtirokchi davlatlarga murojaat etib ishga aloqador har qanday axborotni taqdim etishni soʻrashi mumkin;
