42-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. a) 41-moddaga muvofiq Qoʻmitaga topshirilgan biror-bir masala manfaatdor ishtirokchi davlatlarni qoniqtiradigan darajada yechilmagan boʻlsa, Qoʻmita manfaatdor ishtirokchi davlatlarning oldindan bergan roziligiga binoan maxsus Kelishtiruvchi komissiya (bundan buyon matnda “Komissiya” deb yuritiladi) tayinlashi mumkin. Komissiya mazkur Pakt qoidalariga rioya qilgan holda masalani yaxshilik bilan hal etish maqsadida manfaatdor ishtirokchi davlatlarga xolis xizmat koʻrsatadi.
b) Komissiya manfaatdor ishtirokchi davlatlarga maqbul boʻlgan besh nafar shaxsdan iborat boʻladi. Agar manfaatdor ishtirokchi davlatlar uch oy mobaynida Komissiyaning toʻliq yoki qisman tarkibi borasida bir toʻxtamga kelolmasa, tayinlanmoqchi boʻlgan, ammo bir toʻxtamga kelinmagan Komissiya aʼzolari yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoʻmita aʼzolarining koʻpchiligi, yaʼni uchdan ikki qismi ovozi bilan saylanadi.
2. Komissiya aʼzolari oʻz vazifalarini shaxsan bajaradi. Ular manfaatdor ishtirokchi davlatlarning yoki ushbu Paktda qatnashmayotgan 41-moddaga binoan bayonot bermagan ishtirokchi davlatning fuqarolari boʻlishlari mumkin emas.
3. Komissiya oʻz Raisini saylaydi va oʻz shaxsiy tartib-qoidalarini belgilaydi.
4. Komissiya majlislari odatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi boʻlimida oʻtkaziladi. Ammo majlislar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi va tegishli ishtirokchi davlatlar bilan maslahatlashilgan holda Komissiya tomonidan belgilanadigan boshqa qulay joylarda ham oʻtkazilishi mumkin.
5. 36-moddaga muvofiq taqdim etiladigan kotibiyat ushbu modda asosida tayinlanadigan Komissiyaga ham xizmat koʻrsatadi.
6. Qoʻmita tomonidan olingan va oʻrganilgan axborot Komissiya ixtiyoriga taqdim etiladi va Komissiya ishga aloqador har qanday axborotni taqdim etishlarini soʻrab manfaatdor ishtirokchi davlatlarga murojaat qilishi mumkin.
7. Komissiya masalani toʻliq koʻrib chiqqanidan keyin, (lekin hamma hollarda ham mazkur masala unga koʻrib chiqish uchun berilganidan keyin koʻpi bilan 12 oydan kechikmay) u manfaatdor ishtirokchi davlatlarga yuborish uchun Qoʻmita raisiga maʼruza taqdim etadi:
a) agar Komissiya oʻn ikki oy mobaynida mazkur masalani koʻrib chiqishni tugallay olmasa, u oʻz maʼruzasida oʻsha masalani koʻrib chiqish qay ahvolda ekanligini qisqacha bayon etish bilan cheklanadi;
b) agar masala mazkur Paktda tan olingan inson huquqlariga rioya etish asosida yaxshilik bilan hal etilgan boʻlsa, Komissiya oʻz maʼruzasida dalillar va kelishilgan qarorlarni qisqacha bayon etish bilan cheklanadi;
