15-modda. Baholovchi tashkilotning majburiyatlari
Baholash faoliyati toʻgʻrisida (811-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Baholovchi tashkilot:
baholash faoliyatiga qoʻyiladigan qonunchilik talablariga rioya etish;
baholovchining (baholovchilarning) malaka sertifikatini shartnoma tuzilishi oldidan buyurtmachining talabiga koʻra koʻrsatishi;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan, xolisona baholashni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi oqibatida oʻzining ishtirok etish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisida buyurtmachiga xabar berishi;
buyurtmachining soʻrovnomasiga koʻra baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari haqida axborot taqdim etishi;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish davomida olinadigan hujjatlarning but saqlanishini taʼminlashi;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish davomida aniqlangan zarar yetkazilganligi, shuningdek qonunchilikning boshqacha tarzda buzilganligi faktlari toʻgʻrisida baholash obyekti mulkdoriga va (yoki) buyurtmachiga xabar berishi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning nusxasi uch yil mobaynida saqlanishini taʼminlashi;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish davomida buyurtmachidan olingan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi;
baholovchilarning har yili malaka oshirish kurslarida belgilangan tartibda oʻqishini taʼminlashi;
baholovchi tashkilotlar faoliyatining reytingini baholash uchun baholovchi tashkilotlar va baholovchilar birlashmalarining soʻrovnomasiga koʻra axborot taqdim etishi shart;
baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlishi.
Baholovchi tashkilotning zimmasida qonunchilikka va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
