19-modda. Davlat subsidiyasi va uni ajratish tartibi
Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-376-son) · Sana: 25.09.2014 · Amalda
Davlat subsidiyasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirayotgan fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan beriladigan hamda aniq loyihalar bilan bogʻliq boʻlmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy koʻmakdir.
Davlat subsidiyalaridan faqat fuqarolik jamiyati institutlarining ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy foydali maqsadlarga erishish uchungina foydalaniladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari davlat subsidiyasini olish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga buyurtmalar bilan murojaat etadi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi fuqarolik jamiyati institutlarining buyurtmalarini umumlashtiradi, subsidiyalash hajmlariga doir takliflarni tayyorlaydi hamda ularni Parlament komissiyasiga kiritadi.
Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, subsidiyalashning maqsadga muvofiqligi va zarur hajmlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti tasdiqlanganidan keyin Parlament komissiyasiga davlat subsidiyalarini taqsimlashga doir takliflarni taqdim etadi.
Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining takliflari olinganidan keyin fuqarolik jamiyati institutlariga ajratiladigan davlat subsidiyalarining hajmlarini aniqlaydi.
Davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda ayrim fuqarolik jamiyati institutlari uchun davlat tomonidan subsidiyalashning boshqacha tartibi ham nazarda tutilishi mumkin.
