18-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari
Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-376-son) · Sana: 25.09.2014 · Amalda
Jamoat komissiyalari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining deputatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining, adliya va moliya organlarining, shuningdek boshqa davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari orasidan rais, uning oʻrinbosari, masʼul kotib va komissiya aʼzolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Jamoat komissiyalari:
fuqarolik jamiyati institutlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorligini chuqurlashtirishga koʻmaklashadi, ularning takliflarini oʻrganish asosida ijtimoiy sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlaydi;
fuqarolik jamiyati institutlarining joylarda ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan sotsial hamda ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlari va loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga, ularni amalga oshirish uchun mablagʻlarning zarur hajmlarini aniqlashga doir takliflarni ishlab chiqadi hamda ularni Parlament komissiyasiga taqdim etib boradi;
joylarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat subsidiyasi, grantlari va ijtimoiy buyurtmalari doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat samaradorligini oʻrganish, tahlil qilish va baholash borasida Parlament komissiyasiga koʻmaklashadi;
tegishli hududda ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda ijtimoiy sheriklik holatining monitoringini va baholanishini amalga oshiradi, zarur hollarda, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirishga doir aniq tadbirlarni ishlab chiqadi;
ijtimoiy sheriklik subyektlari oʻrtasida manfaatlarni kelishib olishga va birgalikdagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan maslahatlashuvlar hamda muzokaralarni tashkil etadi va oʻtkazadi, ular oʻrtasida bitimlar va shartnomalar tuzishga, shuningdek ularning ijro etilishiga koʻmaklashadi;
ijtimoiy sheriklik sohasida koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qiladi.
Jamoat komissiyalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
