20-modda. Davlat granti va uni ajratish tartibi
Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-376-son) · Sana: 25.09.2014 · Amalda
Davlat granti ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti, shuningdek Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mablagʻlari hisobidan fuqarolik jamiyati institutlariga tanlov asosida beriladigan pul mablagʻlari va moddiy resurslardir.
Davlat grantlarini ajratish Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va uning alohida boʻlinmalari orqali amalga oshiriladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi davlat grantini taqsimlash maqsadida grant tanlovlarini tashkil etadi.
Grant tanlovlarida ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni taqdim etgan fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etishga haqlidir.
Grant tanlovlariga taqdim etilgan loyihalarni tanlab olish va gʻoliblarni aniqlash Parlament komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat granti ajratilayotganda grant beruvchi va grant oluvchi oʻrtasida grant ajratilganligi toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
