15-modda. Birjaning kotirovkalash varagʻi. Tovarni birja savdolariga qoʻyishga ruxsat berishni amalga oshirish
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Dastlabki koʻzdan kechirishni talab etmaydigan, sifat koʻrsatkichlari oʻzgarmasligi va birja bitimlari muntazam ravishda tuzilishi bilan tavsiflanadigan, birja savdolariga qoʻyilgan muayyan turdagi tovarlar roʻyxati birjaning kotirovkalash varagʻidir.
Tovarni birja savdolariga qoʻyishga ruxsat berishni amalga oshirish quyidagi tartib-taomillarni oʻz ichiga oladi, qimmatli qogʻozlar bundan mustasno:
tovar ishlab chiqaruvchining yoki yetkazib beruvchining tovarni birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish;
tovarning ushbu Qonunning 10-moddasi va mazkur moddaning birinchi qismi talablariga muvofiqligini tekshirish;
tovarning likvidliligini baholash;
tovarni birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritish va uni birja aʼzolariga yetkazish.
Qimmatli qogʻozlarni birja savdolariga qoʻyishga ruxsat berishni amalga oshirish (birja listingi) quyidagi tartib-taomillarni oʻz ichiga oladi:
qimmatli qogʻozlar emitentining oʻz qimmatli qogʻozlarini birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish;
qimmatli qogʻozlar emitentining moliyaviy holatini baholash;
qimmatli qogʻozlarning likvidliligini baholash;
qimmatli qogʻozlarni birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritish va uni birja aʼzolariga yetkazish.
Birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritilgan tovar birja savdolariga qoʻyilgan hisoblanadi.
Chet el valyutasi va davlat qimmatli qogʻozlari birjaning kotirovkalash varagʻiga tovarni birja savdolariga qoʻyishga ruxsat berishni amalga oshirish va birja listingi tartib-taomilisiz kiritiladi.
