16-modda. Birja bitimlari va ularning turlari
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Birja bitimi birja tomonidan roʻyxatga olingan, birja savdosining birjada qayd etilgan natijasi boʻyicha tuzilgan birja tovariga doir oldi-sotdi shartnomasidir.
Birjada birja bitimlari, shu jumladan:
birja tovarlarining ularni kechiktirmasdan yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimlari (spot);
birja tovarlarining ularni kechiktirib yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimlari (forvardlar);
birja tovarini yetkazib berishni (yetkazib berish fyuchersi) yoki birja tovarini yetkazib bermagan holda bitim taraflari oʻrtasida pul hisob-kitoblari amalga oshirilishini (hisob-kitob fyuchersi) nazarda tutadigan, kelgusida bajarish majburiyati bilan tuziladigan hosila moliyaviy vositalarning (derivativlarning) oldi-sotdi bitimlari (fyucherslar);
birja tovarlarini yoki hosila moliyaviy vositalarni (derivativlarni) kelgusida sotib olish yoxud sotish huquqi bilan tuziladigan hosila moliyaviy vositalarning (derivativlarning) oldi-sotdi bitimlari (opsionlar);
valyutalarni bir vaqtda olish-sotishga doir bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarni muayyan muddat oʻtgach, avvaldan belgilangan valyuta kursi boʻyicha amalga oshirish sharti bilan tuziladigan valyutalarni bir vaqtda olish-sotishga doir bitimlar (valyuta svoplari);
qimmatli qogʻozlarni muayyan muddat oʻtgach, avvaldan belgilangan narx boʻyicha qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan qimmatli qogʻozlarga doir oldi-sotdi bitimlari (repo) tuzilishi mumkin.
Birjada qonunchilikka muvofiq boshqa birja bitimlari ham tuzilishi mumkin.
Birja bitimi toʻgʻrisidagi axborot (birja tovarining nomi, soni, kotirovkasi (narxi), birja bitimi tuzilgan sana bundan mustasno) uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin emas. Birja bitimi toʻgʻrisidagi axborot sudlarga taqdim etiladi, surishtiruv va tergov organlariga esa, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi mavjud boʻlgan taqdirda taqdim etiladi.
Birja bitimining mazmuni haqidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborot qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
