14-modda. Birja aʼzolarining huquq va majburiyatlari
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Birja aʼzolari:
birja savdolarida ishtirok etish va birja bitimlarini tuzish;
birja komissiyalari faoliyatida ishtirok etish;
birja savdosi qoidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
birja tomonidan taqdim etiladigan xizmatlardan foydalanish;
har bir birja savdosining yakunlari toʻgʻrisida axborot olish huquqiga ega.
Birja aʼzolari qonunchilikka va birja savdosi qoidalariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Birja aʼzolari:
birjada oʻz faoliyatini qonunchilikka va birja savdosi qoidalariga muvofiq amalga oshirishi;
mijozga uning manfaatlarini koʻzlab tuziladigan birja bitimlari, shuningdek uning topshiriqlari bajarilishi bilan bogʻliq toʻliq axborotni oʻz vaqtida taqdim etishi;
birjaga oʻzlarining birja savdolarida ishtirok etganligi hamda birja bitimlarini tuzganligi bilan bogʻliq toʻliq axborotni oʻz vaqtida taqdim etishi;
mijoz bilan shartnoma tuzayotganda uni birja savdosi qoidalari hamda kliring va hisob-kitoblarni amalga oshirish shartlari bilan tanishtirishi;
oʻz hisobidan va mijozning hisobidan tuzilgan birja bitimlarining alohida hisobini yuritishi;
oʻz mijozlari pul mablagʻlarining alohida-alohida hisobini yuritishi shart.
Birja aʼzolarining zimmasida qonunchilikka va birja savdosi qoidalariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
