13-modda. Birja aʼzolari
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Birja tomonidan belgilangan tartibda birja savdolarida ishtirok etish hamda dilerlar, market-meykerlar va brokerlar sifatida birja bitimlarini tuzish huquqini olgan yuridik shaxslar birja aʼzolaridir.
Birja bitimlarini oʻz nomidan va oʻz hisobidan tuzuvchi birja aʼzosi dilerdir. Birja tovarlari narxlarining, talab va taklifning darajasini saqlab turish uchun oʻz zimmasiga birja bitimlarini tuzish majburiyatini olgan diler market-meykerdir.
Mijozning topshirigʻiga koʻra va uning hisobidan birja bitimlarini tuzuvchi birja aʼzosi brokerdir.
Diler va broker vazifalari birjaning bitta aʼzosi tomonidan qoʻshib amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari birja aʼzolari boʻlishi mumkin emas, valyuta birjasi bundan mustasno.
Birja aʼzolari birja savdolarida ularning nomidan birja bitimlari tuzishga vakolatli boʻlgan oʻz xodimlari (treyderlar) orqali ishtirok etadi.
