22-modda. Shirkat ishtirokchilarining tarkibini oʻzgartirish
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkat ishtirokchilaridan biri undan chiqib ketgan yoki vafot etgan, ulardan birortasi bedarak yoʻqolgan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud bankrot deb topilgan, ishtirokchilardan biriga nisbatan sudning qaroriga koʻra qayta tashkil etish tadbirlari boshlangan, shirkatda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoxud ishtirokchilardan birining kreditori undirishni mol-mulkning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) uning ulushiga toʻgʻri keladigan qismiga qaratgan hollarda, agar bu shirkatning taʼsis shartnomasida yoki qolgan ishtirokchilarning kelishuvida nazarda tutilgan boʻlsa, shirkat oʻz faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shirkat ishtirokchilari biror-bir ishtirokchini qolgan ishtirokchilarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga koʻra va bunga asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xususan ana shu ishtirokchi oʻz majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzgan hollarda yoki uning shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatdan sud tartibida chiqarib yuborishni talab qilishga haqlidirlar.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq shirkat oʻz faoliyatini davom ettirgan taqdirda, shuningdek ishtirokchining shirkat mol-mulkidagi ulushi boshqa ishtirokchilarga yoki uchinchi shaxslarga oʻtgan, ishtirokchi shirkatdan chiqarib yuborilgan yoxud shirkatga yangi ishtirokchilar qabul qilingan hollardagina shirkat taʼsis shartnomasiga tegishli oʻzgartishlar kiritilgan holda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻladi.
